2023-yil uchun yutuqlar
O‘tgan yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi ilk bor “Fitch Ratings” xalqaro agentligining “B” (barqaror kutilma) reytingini oldi hamda ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha resertifikatsiyadan o‘tdi va ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” xalqaro sertifikat talablariga muvofiqligini tasdiqladi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya institutlari milliy uyushmasi (NAII) tomonidan o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi “Eng yaxshi korporativ boshqaruv” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Zamonaviy birja savdo vositalarini joriy etishda dunyoning yetakchi birjalari bilan tajriba almashish va birjalararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Chikago tovar birjasi (CME Group), Interkontinental birja (ICE), AQSHning elektron fond birjasi (NASDAQ), Dalyan tovar birjasi (DCE), Dubay oltin va tovar birjasi (DGCX), Pokiston tovar birjasi (PMEX), Malayziya birjasi (Bursa Malaysia), Singapur birjasi (SGX Group) va Istanbul energiya birjasi (EXIST) kabi xalqaro birjalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2022-yilga nisbatan 7%ga o‘sib, 146,8 trln so‘mni tashkil qildi. Tuzilgan bitimlarning qariyb 71% birja savdolariga, qolgan 29% elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, birjada tuzilgan tashqi savdo bitimlarning hajmi 2022 yilga nisbatan 48% ga o‘sib, 700,5 mln AQSH dollarni tashkil qildi. 2023-yilda birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2022-yilga nisbatan 7% ga oshib, 39,4 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 13% ga o‘sib, 6,6 trln so‘mga teng bo‘ldi. O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlarini elektron tarzda rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi hamda etender.uzex.uz saytida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash mexanizmi joriy etildi. 2023-yilda avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 396,1 mlrd so‘mlik 87 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida tizimda “avtobid” yangi xizmat turi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-maydagi 262-son Qaroriga muvofiq o‘tgan yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 1,6 mln tonna bug‘doy birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga erkin sotildi. Bug‘doyning bozor narxlarida sotilishi hisobiga mahalliy klaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan qo‘shimcha 30,2 mlrd so‘mlik daromad olindi. 2023-yil 12-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yana-da rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-205-son farmoni qabul qilindi va unga ko‘ra paxta xomashyosi ilk bor O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining alohida seksiyasida fyuchers shartnomalari asosida sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, paxta xomashyosining narxini shaffoflik va bozor tamoyillari asosida shakllanishini taʼminladi hamda mazkur bozorda raqobat muhitini rivojlanishiga ko‘mak berdi. Xususan, 2024-yil yanvar-fevral oylarida qariyb 28 mingta fermer xo‘jaliklari tomonidan fyuchers shartnomalari asosida 1703,3 ming tonna paxta xomashyosi birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 1700,5 ming tonnasi, yaʼni 99,8% sotildi. O‘tkazilgan birja savdolari natijalariga ko‘ra paxta xomashyosining o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8285,0 ming so‘mni tashkil qildi. Bunda paxta xomashyosining birjada shakllangan narxi auksion evaziga uning boshlang‘ich bahosi (7800,0 ming so‘mni)ga nisbatan o‘rtacha 6,2%ga o‘sdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi PQ-156-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilindi. 2024-yil 15-fevralidan boshlab birjaning mazkur seksiyada ilk bor “yashil energiya” sertifikatlari sotila boshladi. “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan birja savdolari orqali 26,7 mln so‘mlik dastlabki 2000 ta sertifikatlar sotildi. Sertifikat bo‘yicha birjada shakllangan dastlabki birja kotirovkasi bir dona sertifikat uchun 13360,1 so‘mni tashkil qildi.